← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliMehr-oqibatAdolatAql-zakovatTabiatOilaTijorat

Zumrad va Qimmat

1131 soʻz

Bir zamonda katta bir soy boʻyida kichkina bir uy boʻlar ekan. Bu uyda chol, uning Zumrad degan qizi, oʻgay ona va uning Qimmat degan arzanda qizi turar ekanlar. Kampirning Zumradni koʻrgani koʻzi, otgani oʻqi yoʻq ekan. U hadeb qizni urib, qargʻab, ertadan kechgacha ishlatarkan, bechoraga birpas ham tinchlik bermas ekan.Zumrad chiroyli, odobli, muloyim, aqlli qiz ekan. Uni bir koʻrgan kishi yana koʻrsam deb orzu qilar ekan. Xullas, u juda ajoyib qiz ekan. Qimmat esa ishyoqmas, injiq va dimogʻdor ekan.

Uning butun kuni urish-janjal va toʻpolon bilan oʻtar ekan.Zumrad erta bilan barvaqt koʻzasini koʻtarib, soy yoqalab buloq boshiga borarkan, yoʻlda uchragan lola gullar boshlarini egib, unga salom berarkanlar. Zumrad maysalar ustida oʻtirib dam olganida gullar uni olqishlar, bulbullar quvonib unga hikoyalar aytib berarkanlar.Ammo xuddi shu gullar kampirning arzandasini sevmas, uni erkalamas ekanlar, chunki bu qiz ularni yulib tashlar, xushboʻy gullarni hidsiz deb tepkilar ekan.

Shuning uchun ham ular Qimmat kelar boʻlsa, qovoqlarini solib, yumilib qolarkanlar.Bularning hammasi yovuz kampirning gʻazabini keltirar ekan. Kampir esa, buni Zumraddan koʻrarkan.Bir kun kampir Zumradni yomonlab, cholga doʻq uribdi:— Qizing beodob, ishyoqmas, uni haydab yubor! Boʻlmasa sen bilan bir nafas ham birga turmayman!Chol nima qilarini bilmay qolibdi. Axiri kampir:— Qizingni oʻrmonga oborib adashtirib kel! U bilan birga turmayman!

— debdi.Chol qizini adashtirib kelish uchun togʻ-toshlarni kezib, bir oʻrmonga boribdi. Ota-bola oʻrmon ichida uzoq yurishibdi. Axiri quyuq soyali bir joyga borib toʻxtashibdi.

Keyin chol oʻtin kesgani ketibdi. Zumrad yolgʻiz qolibdi.Shu paytda birdan shamol turibdi. Chol esa oʻrmondagi bir katta daraxtga boltasini osibdi-da, unga ogʻirroq tosh bogʻlab, qattiq itarib yuboribdi. Bolta u yoqdan bu yoqqa urilib toʻqillayveribdi.Shamol juda kuchayibdi. Bolta shamol kuchi bilan uzoq vaqt daraxtga urilib “toʻq-toʻq” qilib tovush chiqaribdi.Zumrad “Otam oʻtin kesayotibdi”, deb oʻylab, otasini anchagacha kutibdi. Kech boʻlibdi, otasidan darak boʻlmabdi. Shamol toʻxtabdi. Qiz oʻrmondagi chuchmomalarni terib yurib, bexosdan bolta osilgan daraxt tagiga borib qolibdi. Qarasa, otasi yoʻq emish.

— Voy shoʻrim qursin! Voy, otajon?!

— deb uvvos solib yigʻlab, toʻrt tomonga yuguribdi. Hech kimdan darak boʻlmabdi, qiz adashib qolibdi. Oʻrmon unga yana ham vahimali boʻlib koʻrinibdi. Qiz qayoqqa borishini bilmay, axiri kichik bir soʻqmoqdan chopib ketaveribdi.Zumrad uzoq yoʻl bosibdi. Qorongʻida gullar uning yoʻlini yoritibdi. Ketaturib bir vaqt qarasa, uzoqda miltillagan chiroq koʻrinibdi, itning hurigani eshitilibdi. Qiz oʻsha tomonga qarab yuraveribdi. Tezda kichik bir uyga yetibdi. Uyning derazasidan qarasa, bir kampir oʻtirgan emish.

Qiz sevinib, kampir oldiga kiribdi, boshidan kechirgan voqealarni kampirga birma-bir aytib beribdi.Uyga shunday chiroyli qizchaning kelganini koʻrgan kampir juda quvonibdi. Bu kampir oʻrmonda yashaydigan sehrgar kampir ekan. Kampir qizning yigʻlaganini koʻrib:— Koʻp xafa boʻlma, qizim, senga yordam beraman, — deb qizni ovutibdi. Qiz ham unga:— Rahmat! Men sizni onamdek koʻraman.

Buyurgan ishingizni jonim bilan qilaman, — deb javob beribdi.Shu choq kampirning uyi tepasiga juda koʻp qushlar yigʻilibdi, ular qizchani maqtab, sayrashibdi. Qushlar tilini bilgan sehrgar kampir yana ham quvonibdi. Xosiyatli qizga dunyoda topilmaydigan rasmli kitob va qoʻgʻirchoqlar berib:— Oppoq qizim, shirin qizim! Doʻmbogʻim, munchogʻim!

— deb qizning boshini silab erkalabdi.Ular uzoq vaqt birga turishibdi. Kampir qizchani yaxshilab parvarish qilibdi. Zumrad ozoda qiz boʻlgani uchun uyni supurib-sidirib, oynalarni artib-surtib, hamma yoqni chinniday qilib qoʻyar ekan. Buni koʻrib kampir yana ham quvonar ekan.Bir kun kampir qizga osh qilib bermoqchi boʻlib:— Tomdan oʻtin olib tush, qizim, — debdi. Qiz dik etib oʻrnidan turib:— Xoʻp boʻladi, onajon, — deb darrov tomga chiqibdi.Tom baland ekan, undan hamma yoq koʻrinar ekan.

Qiz atrofga qarab turib, birdan oʻz uyining tomini koʻrib qolibdi. Yuragi orziqib yigʻlab yuboribdi. Buni eshitgan kampir:— Nega yigʻlaysan, jon qizim?

— deb soʻragan ekan. Qiz:— Koʻzimga uyimiz koʻrindi, otamni sogʻindim, — debdi.Kampir uni aldab-suldab yupatibdi, ikkovlari ovqat pishirib yeyishibdi.Erta bilan kampir qizga:— Narsalaringni yigʻishtir, qizim!

— debdi.Qiz qoʻgʻirchoqlarini yigʻishtiribdi. Kampir qizga:— Tomda qizil va oq sandiq bor, oq sandiqni qoldirib, qizil sandiqni olib tush!

— debdi-yu oʻrmonga kirib ketibdi. Bir vaqtdan keyin oʻrmondan saman ot qoʻshilgan bir arava yetaklab chiqib, qizni aravaga oʻtqazibdi.

— Qizil sandiqni uyga borgandan keyin och!

— deb kampir qizga bir kalit beribdi.Qiz kampir bilan qayta-qayta xayrlashib yoʻlga chiqibdi. Bir zumda arava qizning uyi oldida hozir boʻlibdi.

Shu paytda uy eshigi oldida chol oʻz qizini sogʻinib, uning dardida yigʻlab oʻtirgan ekan. Qiz mehribon otasini koʻrishi bilan:— Salom, otajon!

— deb otasining bagʻriga tashlanibdi.Chol benihoyat xursand boʻlganidan anchagacha koʻz yoshlarini toʻxtatolmabdi. Axiri yigʻidan toʻxtab, qiziga:— Oppogʻim, meni kechir, — debdi.Ular uyga kirishibdi. Qizning kelgani hammaga maʼlum boʻlibdi. Qoʻni-qoʻshnilar yigʻilishibdi. Qiz qizil sandiqni ochishi bilan hamma hayron qolibdi: qizil sandiq asl mollar bilan liq toʻla ekan.

Mol shuncha koʻp, shu qadar ajoyib emishki, Zumradning butun umriga yetib ortar emish.Bu narsa oʻgay onani ogʻir tashvishga solibdi.U cholga qizi Qimmatni ham tezda oʻrmonga olib borib adashtirib kelishni buyuribdi. Chol “Xoʻp” deb, Qimmatni darrov oʻrmonga adashtirib kelibdi.Kech kirganda Qimmat, xuddi Zumradga oʻxshab, bolta osilgan daraxt tagiga borib qolibdi. Adashganini sezibdi. Hoʻng-hoʻng yigʻlasa ham, lekin uni ovutadigan odam topilmabdi.

Faqat uning roʻparasida boyqushlar oʻtirib olib, qorongʻi, vahimali oʻrmonlar haqida sayrarmish. Bu kuylar Qimmatni vahimaga solibdi. U qoʻrqib oʻrmondan qocha boshlabdi. Qorongʻi tushgan paytda sehrgar kampirning uyiga kirib boribdi. Kampir uni yaxshi kutib olibdi, ovutibdi, mehmon qilibdi.

Soʻngra qizga qarab:— Xafa boʻlma, qizim, oʻzim yordam beraman, — debdi.Ammo Qimmat kampirga yaxshi soʻzlar topib aytolmabdi, chunki onasi unga yaxshi soʻzlar oʻrgatmagan ekan. Kampir uni sevmabdi, yaxshi ertaklar ham aytib bermabdi, dunyoda topilmaydigan suratli kitoblar va qoʻgʻirchoqlar ham bermabdi.Qimmat ertadan qora kechgacha yalqovlanib oʻtiraverar ekan. Uyni yigʻishtirib, supurmas ekan.Bir kun kampir oʻrmondan qaytib kelib, unga:— Tomdan oʻtin olib tush, qizim!

— degan ekan, qiz:— Oʻzingiz olib tushing, malayingiz yoʻq!

— debdi.Kampir judayam xafa boʻlibdi, shunga qaramay qizni aldab-suldab tomga chiqaribdi.

Lekin qiz oʻtin olib tushish oʻrniga tom boshida chinqirib yigʻlayveribdi. Kampir buni eshitib:— Nega yigʻlaysan, qizim?

— deb soʻragan ekan, Qimmat yer tepinib:— Uyimni koʻrdim, ketaman, — deb yana hoʻngrabdi.Sehrgar kampir qizga:— Juda yaxshi, tomdagi sandiqni olib tush, — debdi.Qimmat sandiqni olib tushibdi.

Keyin kampir qizga bir kalit uzata turib:— Mana kalit, sandiqni uyingga borganingda ochasan, — debdi.Qiz oʻsha onda yigʻisini ham unutib, oq sandiqni orqalab joʻnabdi. Sehrgar kampir unga arava ham bermabdi, qiz ogʻir sandiqni koʻtarganicha uyiga piyoda kelibdi.Qizning kelishini dastavval olapar it sezibdi. U Qimmatning onasi oldiga borib:— Vov, vov, vov, — degan ekan, kampir quloq solmabdi, it yana vovullab:— Opam kelayotirlar, orqalaganlari oq sandiq, ilon bilan liq toʻliq, — debdi.Kampir gʻazablanib, oʻqlogʻi bilan itni urib, oyogʻini sindiribdi.

— Mening aqlli qizim qimmatli mollar keltiradi, — debdi u.Qizining kelganini koʻrib kampir oʻzida yoʻq sevinibdi. Qoʻni-qoʻshnilar yigʻilibdi, sandiqni ochmoqchi boʻlishibdi.Shunda kampir bilan qizi ikkisi: “Yoʻq, ochmanglar!” deb oʻzlarini sandiq ustiga tashlabdilar.

Keyin ikki qulogʻidan koʻtarib uyga olib kiribdilar.Yarim kecha payti ekan, kampir bilan qiz eshik-yelikni yopib, sandiqni ochishibdi-yu birdaniga “Voydod, qutqaringlar!”, “Ajdar!”, “Voydod!” deb baqirishibdi…Sandiqda kattakon ikkita ajdar yotgan ekan. Qoqvosh kampir bilan uning urishqoq qizi dodlashib, uyni gir-gir aylanishibdi, qoʻrqqanlaridan qulflangan eshikni ochisholmabdi.Ikki ajdar kampir bilan qizni yutib, darchadan chiqib ketibdi.“Dod, voy!” degan ovozni eshitgan qoʻni-qoʻshnilar eshikni buzib ichkari kiribdilar.

Qarasalar, hech kim yoʻq emish. Uyda yovuz kampirni ham, uning urishqoq qizini ham topolmabdilar.Shundan soʻng oq koʻngil Zumrad bilan ota ikkisi tinchgina yashab, murod-maqsadlariga yetibdilar.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!