Qadim zamonda bir kambagʻal chol bor ekan. Bu chol dengiz boʻyida yolgʻiz oʻgʻli bilan yashar ekan. Ular juda faqir boʻlib, bechorahol kun koʻrar ekanlar.Bisotlarida bir eski qayiq va baliq ovlaydigan toʻrdan boʻlak hech narsa yoʻq ekan. Cholning oʻgʻli doim ashula aytib yurar ekan.
Bir kun baliqchi chol dengizga toʻr solibdi, birozdan soʻng toʻrni suvdan koʻtaribdi. Qarasa, unaqa-bunaqa baliq emas, oltin baliq emish. Buni koʻrib chol hayron boʻlibdi va oʻgʻliga:— Bolam, sen bu ajoyib baliqqa qarab tur. Men borib bu hodisani xonga maʼlum qilay. Zora-mora xon bizga kattaroq inʼom bersa, — debdi-da, shaharga joʻnab ketibdi.Yosh yigitcha baliqning toʻrda qiynalayotganini koʻrib, rahmi kelibdi, otasining kelishini ham kutmay, baliqni dengizga qoʻyib yuboribdi. Oltin baliq dengizga shoʻngʻib ketibdi.Xon oʻzining vazir-vuzarolari, posbonlari bilan yetib kelib, yigitga:— Qani, ajoyib baliqni koʻrsat!
— deb buyruq qilibdi.Yosh baliqchi boshini quyi solib xonga:—Baliqqa rahmim keldi; uni dengizga qoʻyib yubordim,— debdi.Xon baliqchi yigitdan bu soʻzni eshitib, cholga:— Sen yaramas chol: arzimagan bir narsa uchun meni shuncha ovora qilding. Dunyoda oltin baliq ham boʻlarmidi!
— deb baqiribdi.
Shunda keksa vazirlardan biri xonga qarab:— Hazrati oliylari, men yetmish yildan ortiq umr koʻrdim.
Lekin bunday ajoyibotni eshitmagan edim,— debdi.Chol oltin baliq tutgani rost ekanini ishontirishga koʻp urinsa ham, xon uning soʻziga sira ishonmabdi. Xon baliqchi yigitning qoʻl-oyogʻini bogʻlab, eski qayiqda dengizga oqizib yuboribdi.Xon oʻz ishidan xursand boʻlib, dabdaba bilan saroyga qaytibdi. Boyaqish chol esa dengiz qirgʻogʻida, “voy bolam” deb yigʻlaganicha qolaveribdi.
Bir fursatdan soʻng qayiq koʻzdan tamom gʻoyib boʻlibdi, qayiqni kuzatib, koʻz yoshlarini oqizib turgan chol, zolim xonning zulmidan gʻazablanib, unga laʼnatlar oʻqibdi.Endi soʻzni yosh baliqchidan eshiting.Baliqchi yigit har nafasda oʻz halokatini kutar ekan.
Lekin qayiq shamol kuchi bilan hamon olgʻa qarab suzib borarkan.Bir qanchadan keyin uzoqdan bir orol koʻrinibdi. Kuchli shamol qayiqni bir nafasda orolga eltib qoʻyibdi. Qayiqning tumshugʻi qirgʻoqdagi qumga urilishi bilanoq daraxt orqasidan bir yosh yigit chiqib kelibdi.U yosh baliqchiga judayam oʻxshar ekan, goʻyo bir olmaning yarmisi u-yu, yarmisi bu ekan.Yosh yigit kela solib, yosh baliqchining qoʻl-oyoqlarini yechibdi. Yosh baliqchi bu mehribon yigitcha bilan koʻrishibdi, orolda uchragan yosh yigit yonidan bir kulcha chiqaribdi, uni ikkovlari baham koʻrishibdi.
Shunday qilib ular orasida chin doʻstlik boshlanibdi.Bir kun ular poda boqib yurgan bir chol-choʻponga yoʻliqishibdi.Doʻstlar orolda oʻzimizdan boshqa hech kim yoʻq, deb oʻylar ekanlar.Choʻpon bulardan hol-ahvol soʻrab, soʻz boshlabdi:— Bu yerdan uch kunlik yoʻl narida katta bir xonning yurti bor. Xon baxtsizlikka uchragan. Uning goʻzallikda tanho boʻlgan bitta-yu bitta qizi tugʻilganidan beri bir ogʻiz ham soʻz aytgan emas.
Xon barcha xalqqa xabar berdirib: “Kimki qizimni davolab gapirtira olsa, men shu kishiga eng yaxshi inʼomlar beraman. Bordi-yu gapirtirolmasa, u kishining boshini tanasidan judo qilaman, degan. Ana oʻshandan beri allaqancha navqiron yigitlarning boshi ketdi.Doʻstlar oʻylashib turib, keyin baxtlarini sinamoqchi boʻlibdilar. Ular xon saroyi oldiga borganlarida yigit yosh baliqchiga qarab:— Avval men baxtimni sinab koʻray. Agar xon qizini davolay olsam, tekkan inʼomlarni oʻrtada bab-barobar boʻlishib olamiz, — debdi.
Yosh baliqchi koʻnibdi. Yigit esa xon saroyiga kirib ketibdi.Yigit haram eshigi oldida ikki kanizakni uchratibdi. Ulardan biri achinib, yigitga:— Sen qatori koʻpgina bahodir yigitlar xon qizini davolashga obdan urinib koʻrdilar, lekin ularning aziz boshlari hisobsiz kalla suyaklaridan yasalgan minorani yana bir pogʻona yuqori koʻtardi.
Seni ham shunday baxtsizlik kutadi,— debdi.Jasur yigitni bu qoʻrqinchli gap choʻchitolmabdi, u dadillik bilan haramga kiribdi.Xon qizini koʻrishi bilanoq taʼzim qilib, soʻz boshlabdi:— E goʻzal malika! Biz otadan uch oʻgʻilmiz.
Bir kun chakalakka oʻtin kesgani bordik. Eng katta akamiz yogʻochni yoʻnib, bir goʻzal qush yasadi. Qush shunday ustalik bilan yasalgan ediki, xuddi tirik qushga oʻxshardi. Oʻrtancha akam daraxtzorlarga borib, eng nozik qushlarning patlari, parlarini topib kelib, yogʻoch qushchani bezadi. Qush yana goʻzallashib ketdi. Men bir sehrli buloq topdim, qushni shu sehrli buloq suviga choʻmiltirdim. Qushcha tirilib, sayrab yubordi. Ana oʻshandan to shu pallagacha bizning oʻrtamizda hamon janjal davom qiladi.
Har birimiz qushni “meniki” deb daʼvo qilamiz. Janjalimiz juda zoʻrayib ketdi. E goʻzal qiz, qush kimniki boʻladi? Siz bizning janjalli ishimizni bitirib bering?Bu gaplarni eshitgan qiz qaddini koʻtaribdi, qop-qora uzun kirriklarini uchiribdi. Chehrasi ochilib, salgina jilmayibdi. Tovush chiqarmay barmogʻi bilan ogʻzini koʻrsatib, boshini tebratib, qoʻyibdi.
Yigit gʻazablanib oʻshqiribdi:— Modomiki, sen uchun men qurbon boʻlar ekanman, shuni yaxshi bilki, men bilan birga sen ham halok boʻlasan.Yigit shu soʻzlar bilan qiz boshiga qilich koʻtaribdi. Qiz qoʻrqqanidan yerga oʻtirib, qattiq qichqirgan ekan, ogʻzidan bir oq ilon tushibdi. Ilon buralib-buralib, vishillab, oʻzini yigitning qalin charmli etigiga uribdi.
Lekin yigit quturib kelayotgan ilonning boshini etik poshnasi bilan majaqlab tashlabdi.Qiz yoshli koʻzlarini yigitga tikib, barmogʻidan uzugini chiqarib:— Bu uzukni olib, saroyga — otam oldiga bor. U seni mukofotlaydi,— deb uzukni yigitga beribdi.Yigit uzukni olib, doʻstining oldiga ketibdi. Yosh baliqchi uni uzoqdan koʻrishi bilan yugura kelib, u bilan quchoqlashib koʻrishibdi.
Soʻngra yigit barcha voqeani doʻstiga birma-bir soʻzlab beribdi. U uzukni doʻstiga uzata turib, shunday debdi:— Endi senga sirni aytib beraman. Men — oʻsha oʻzing rahm qilib qoʻyib yuborgan oltin baligʻingman. Qirgʻoqda sen aytgan ashulalarning dongʻi suv osti yurtiga yoyildi. Men sening ashulalaringni eshitish uchun dengiz qirgʻogʻiga yaqinroq borib, ovozingga mahliyo boʻlib, toʻrga tushganimni payqamay qoldim. Sen tufayligina tutqunlikdan qutuldim.
Xon posbonlari qoʻl-oyogʻingni bogʻlab, qayiqda oqizib yuborishlarini koʻrib, gʻazablangan edim. Seni qutqarish yoʻlini izlab, eng yaqin doʻstlarim boʻlgan baliqlardan bir qanchasini chaqirdim. Ular sening qayigʻingni suvga choʻktirmasdan, yelkalarida koʻtarib keltirishlarini oʻtindim. Chin doʻstlarim oʻtinchimni bajo keltirib, seni bu orolga olib keldilar. Men bu yerda sening shaklingga kirdim.
Shu qisqagina vaqt ichida sening sofdil yigit ekanligingga yana ishondim, seni oʻz akamdek koʻrib qoldim.
Endi oʻz joyimga — suv ostiga ketish vaqtim keldi. Bu uzukni olib borib, xonga ber. Mabodo kerak boʻlib qolsam, koʻk dengiz qirgʻogʻiga kelib, meni uch marta chaqir. Xizmatingga darhol tayyor boʻlaman…Shu soʻzlardan soʻng baliq yigit bilan xayrlashibdi va bir shoʻngʻib, koʻzdan gʻoyib boʻlibdi.Yosh baliqchi qadrdon doʻstidan ajralib qolganiga qattiq qaygʻuribdi va bir vaqtdan keyin xon saroyiga joʻnab ketibdi.Yigit xon saroyiga kelib, ichkari kirishga ruxsat soʻrabdi.
Biroq xon soʻzidan qaytib, qizini bermaydigan boʻlib, yigitni saroyga kiritmabdi.Shundan soʻng yigitning dardi-dunyosi qorongʻu boʻlib, orqasiga qaytibdi va shaharning narigi chekkasidagi bir temirchiga shogird tushibdi.Oradan bir hafta oʻtgach, bu voqeadan xonning qizi xabar topib qolib, oʻzini oʻtga-choʻgʻga urib, zor-zor yigʻlab, otasiga bunday debdi:— Agar meni davolab tuzatgan oʻsha yigitga bermasangiz, shu bugunoq mendan ajraysiz.
Endi menga tirik yurish harom!
— deb haram ichidan oʻtadigan katta suvga oʻzini tashlamoqchi boʻlib turganda, uni zoʻrgʻa ushlab qolibdilar. Xon noilojlikdan qizini yosh baliqchiga beradigan boʻlibdi.Hamma odamlar toʻyga aytilibdi.Xizmatkorlar yosh baliqchiga sarpo kiygizibdilar. Ertasiga toʻy boshlanib, nogʻora, karnay, surnaylar chalinibdi.Shunday qilib, yosh baliqchi xonga kuyov boʻlibdi.
Lekin xon kuyovini juda yomon koʻrar, undan qutulish yoʻllarini izlar ekan. Yosh baliqchi esa xonning taxt-saltanati, saroylarini yaxshi koʻrmas ekan.Bir kuni yosh baliqchi xafa boʻlib oʻtirgan ekan, malika undan nega xafa ekanini soʻrabdi, yigit bunday deb javob beribdi:— Men bu hashamatli saroyda turolmayman. Koʻnglimni hech narsa quvontirmaydi. Yoshlik davrimni dengizning narigi tomonida oʻtkazganman. U yerda jonimdan aziz baliqchi otam qolgan edi. Unga nima boʻlganini bilmayman. Agar siz otam oldiga birga ketishga koʻnsangiz, oʻzimni dunyoda eng baxtli yigit deb hisoblar edim.
Lekin mening yurtimda bir kambagʻal baliqchining xotini boʻlib yashaysiz. Bu saroydagi bezaklar, kanizaklar u yerda yoʻq.Shunda malika eriga qarab:— Men har narsaga tayyorman; faqat siz quvnab yursangiz, bas. Dengizning u tomoniga qanday oʻtamiz? Bizda kema ham yoʻq, kema yasaydigan usta ham yoʻq, — degan ekan, yosh baliqchi:— Buni oʻylamasang ham boʻladi, hammasini oʻzim toʻgʻrilayman. Agar ketmoqchi boʻlsang, yoʻl harakatini qilaver, — debdi.Shu soʻzlar bilan yosh baliqchi xotinini uyga yuborib, oʻzi dengiz labiga boribdi, suvga qarab uch marta chaqiribdi. Oʻsha onda oltin baliq suv yuziga chiqib:— E qadrdon doʻstim, nima xizmat?
— deb soʻragan ekan, yosh baliqchi javob qaytaribdi:— Yurtimni, otamni sogʻindim. Dengizdan suzib oʻtish uchun kema yoʻq. Suzib kelgan qayigʻim parcha-parcha boʻlib ketgan…Yosh baliqchi shu soʻzlarni aytishi bilan oltin baliq:— Tilagingni bajaraman, kech kirganda senga kattakon bir baliq yuboraman. U ogʻzini ochishi bilan darrov ogʻziga kir.
Ertalab uyingda, boʻlasan, — debdi-yu, shoʻngʻib ketibdi.Kech kirishi bilan dengizda toʻlqin koʻtarilibdi, qirgʻoqqa bahaybat bir baliq suzib kelibdi. Uning burnidan suv yuqoriga varillab otilib turar, dumini tinmay bilanglatar ekan.Xon qizi baliqni koʻrishi bilan juda qoʻrqib ketibdi. Yosh baliqchi xotiniga dalda berib, uni baliqning ogʻziga olib kiribdi. Baliq tezda dengizda suzib ketibdi.Ajoyib baliq manzilga yetib, ogʻzini ochibdi. Darhol er-xotin ikkovi baliq ogʻzidan qirgʻoqqa chiqib, uyiga qarab yoʻl olibdi.
Birozdan keyin uyga yetishibdi. Yarim vayronaga aylangan kulbasini va uning oldida munkayib oʻtirgan keksa otasini koʻrgach, baliqchi yigitning koʻzlaridan yosh chiqib ketibdi. Bora solib otasi bilan quchoqlashib koʻrishibdi va uning oqarib ketgan soch-soqollarini silabdi.U xotinini otasiga tanitibdi, chol juda quvonibdi.Shunday qilib, baliqchining eski kulbasida uchovlari baxtli kun kechira boshlabdilar.