Oʻtgan zamonda bir mamlakatda ikki aka-uka boʻlgan ekan.Ular oʻz qishloqlaridan chiqib ketganlariga bir necha yil boʻlgan ekan.Ularning qishlogʻida sakkiz-oʻn yoshli bolalardan bir qanchasi suvi qurigan ariqda qumdan “Ariq-ariq” qilib oʻynab turgan vaqtda bir moʻysafid chol koʻchadan oʻtib ketayotib, Oloviddin degan bolani oldiga chaqiribdi. Chol Oloviddinga:— Men dadangning akasi boʻlaman, sen tugʻilmasdan avval uydan chiqib ketgan edim. Sen tugʻilib shuncha yoshga kiribsan, oying tinch oʻtiribdimi?
— deb uni quchoqlab oʻpibdi. Oloviddin yugurib oyisining oldiga kiribdi va “Oyi-oyi, amakim keldi, men bilan soʻrashdi. Uyga boshlab kiraymi”, debdi.Oyisi ham xursand boʻlib uyga boshlab kirishni buyuribdi. Chol uyga kirgach, xuddi Oloviddinning amakisiga oʻxshab mehribonlik bilan koʻrishib, yigʻi-sigʻi bilan hol-ahvol soʻrashibdi. Chol bir-ikki kun mehmon boʻlib Oloviddinni oʻziga juda ham oʻrgatib olibdi.
Oloviddin undan bir qarich ham uzoqlashmas ekan.Bir kuni chol Oloviddinni shaharga olib borib oʻynatib kelmoqchi boʻlibdi va onasidan ruxsat soʻrabdi. Ular shaharga borib koʻp joylarni tomosha qilibdilar.Chol Oloviddinga yangi kiyimlar olib beribdi. Shahardan qishloqqa qaytish paytida chol: “Yur, oʻgʻlim, ana u yerda biroz ishimiz bor, shuni bitkazib ketaylik”, deb Oloviddinni shaharning kun botish tomoniga — adirga qarab boshlabdi. Adirning ustiga chiqqach, chol Oloviddinga bir uzukni berib, kattakon toshni koʻrsatibdi.
— Mana bu uzukni oʻng qoʻlingga taqib ol, qachon boshingga bir qiyinchilik tushsa, bir toshga surkasang, senga asqotadi, shu toshning tagida bir teshik bor, shu teshikka tushsang, bir uyning ichida bir qora chiroq (shamchiroq) bor, shuni menga olib chiqib berasan, — debdi.Oloviddin toshni koʻtarib pastga qarab tusha boshlabdi.Bir necha xonadan oʻtgach, atrofi yop-yorugʻ uyga yetib boribdi. Bu uyning tagi har xil rangli toshlarga toʻla ekan.
Bu toshlar orasida eski bir shamchiroqni topibdi.Shamchiroqni choʻntakka solgach, marvarid, yoqut toshlar koʻziga bir ajoyib koʻrinib ketibdi. Ikki choʻntagini toʻldirib, zinapoya bilan balandga koʻtarila boshlabdi.Chol tashqarida: “Oloviddin, topdingmi? Olib chiqyapsanmi?” deb bir necha marta soʻrabdi.
— Teshikning ogʻziga kelganda, shamchiroqni menga beraqol, — debdi chol.Shamchiroq choʻntakning ostida boʻlib, uning ustiga turli qimmatbaho toshlar toʻldirilgan edi. Shotining ustida turgan paytda toshlarning tagida turgan shamchiroqni olib berish qiyin boʻlibdi. Bir necha daqiqagacha Oloviddin uni bir qoʻli bilan ololmabdi. Chunki toshlarni tashlab yuborishga koʻzi qiymabdi.Cholning xayolida, Oloviddin shamchiroqni bergisi kelmayotgandek koʻrinibdi.
Shuning uchun uning jahli chiqib, teshikni tosh bilan bekitib ketibdi. Oloviddin dod-faryod qilib, zor-zor yigʻlabdi. Qanday qilib yer yuziga chiqishning yoʻlini bilolmabdi. Yana ilgarigi yorugʻ xonaga tushib “Dod” deb yigʻlay boshlabdi. Behush boʻlib bir necha kun yotib qolibdi.Gʻorda madori qurib ketib, goh u tomonga, goh bu tomonga agʻanab, qoʻllarini toshlarga urganda, qoʻlidagi uzuk toshga surkalib ketib, Oloviddinning tepasida bir barzangi dev: “Tila tilagingni, xizmatingga tayyorman”, deb turibdi.Sehrli shamchiroqning sirini ham shu devdan eshitib olibdi.Oloviddin devdan yer yuziga, oʻz qishlogʻiga — onasining yoniga eltib qoʻyishni soʻrabdi.
Dev unga:— Yelkamga minib, koʻzingni yum, — debdi. Oloviddin devning yelkasiga minibdi. Dev yana:— Koʻzingni och!
— debdi. Oloviddin koʻzini ochib qarasa, onasining yonida turganmish. U onasi bilan mehribonlarcha koʻrishibdi, yigʻi-sigʻi qilibdi. Koʻrganlarini aytib beribdi. Shamchiroqni bir parcha kigizga ishqalagan ekan, haligi devdan ham katta bir dev paydo boʻlibdi.Oloviddin unga:— Podshohlarning saroyidan ham afzal bir saroy barpo boʻlsin. Hatto zinapoyalari ham oltindan boʻlsin. Hamma koʻrib hayron qolsin, — debdi. Bir zumda aytgani paydo boʻlibdi.
Endi Oloviddin oʻz onasiga: “Podshohning bir qizi bor emish.
Shunga sovchi boʻlib borsangiz. Nima desa, men topib berishga tayyorman”, — debdi.Podshoh dastlab bu kambagʻalga qizini berishni loyiq topmabdi.
Shuning uchun juda koʻp qalin soʻrabdi. “Tuyalarda toza mollar karvon-karvon keltirilsin, qoʻylar, yilqilar “boʻldi-boʻldi” demaguncha keltirilsin. Yogʻ-u asallar ariqlarda suv oʻrniga oqib tursin. Podshoh bu narsalarga joy topolmay, “dod” deguncha kela bersin. Soʻng qizimizni beramiz”, debdi.Oyisi bu gapni Oloviddinga borib aytganda, Oloviddin “Hi” deb kulib qoʻyib:— Ertagayoq tayyor boʻladi bu narsalar, — debdi.Podshohning soʻragan qalini: mollar, qoʻy-yechkilar aytganidan ham ziyoda qilib yuborilibdi.Podshoh oʻz qizini qirq kun toʻy-tomosha qilib Oloviddinga beribdi va ular baxtiyor hayot kechira boshlashibdi.
Oloviddinning tagida yaxshi oti bor ekan. U har kuni dalaga ovga borib, kech qaytar ekan.Endigi gapni choldan eshiting:Bir necha yillardan buyon chol, Oloviddin yer yuziga chiqib hayot kechirayotgandir deb, mamlakatlarni kezib, uni axtarib yurar ekan.
Bir kuni Oloviddinning qishlogʻiga kelsa, qaddi koʻklarga koʻtarilgan hashamatli ajoyib bir bino paydo boʻlganini koʻribdi. Odamlardan: “Bu uy kimning uyi?” deb soʻrabdi.Ular Oloviddinning uyi ekanini aytibdilar.Cholning yuragi jigʻillab ketibdi. U bozordan xurjuniga toʻldirib shamchiroq sotib olibdi. Yangi bino joylashgan koʻchada qattiq ovoz bilan “Kim yangi shamchiroqqa eski shamchiroqni almashtiradi”, deb qichqiribdi.Bu ovozni Oloviddinning xotini eshitib qolibdi.
Oʻchoqning boshida bir eski shamchiroq anchadan buyon yotar ekan.Onasiga qarab “Ona, shu eski shamchiroqni olib chiqib, yangisiga almashtirib keling”, deb aytibdi. Oloviddinning onasi xursand boʻlib eski chirogʻiga yangisini almashtirib kelibdi. Chol maqsadiga yetibdi. Shamchiroqni shahar chekkasiga olib borib, uni oʻpib yigʻlabdi. Qachondan buyon uni istab, azob chekkanini aytibdi.
Chol shamchiroqqa kigizni ishqalab, hozir boʻlgan devga qarab: “Istab topib boʻlmaydigan bir uzoq mamlakatga Oloviddinning uyini, xotini va narsalari bilan koʻchirib yubor”, — debdi.Chol koʻzini yumib, ochib qarasa, bir ajoyib oʻlkada zoʻr imorat ichida turgan emish.Yonida podshohning qizi — Oloviddinning yosh xotini va onasi. Chol shamchiroqni yerga qoʻymasdan qoʻyniga solib yurarkan.
Oloviddinning xotini bir necha oygacha cholni yaqiniga keltirmay, undan nafratlanib yuribdi.Chol yosh xotinning koʻnglini ovuta olmabdi.Endi Olovuddinga kelaylik, Oloviddin ovdan kelsa, uyi oʻrnida chang-toʻzon koʻtarilib yotibdi. Onasi, xotini, uyi yoʻq. Xafa boʻlib bir necha yil shaharma-shahar axtaribdi. Bormagan yurti qolmabdi.Bir kuni Oloviddin holdan ketib, charchab, bir ariqchaning yonida toʻxtabdi.
Yuz-qoʻllarini shildirab oqib turgan zilol suvda yuvibdi.Suv ostida koʻrinib turgan mayda toshchalardan qoʻliga toʻldirib olibdi.
Shunda panjasidagi uzukka toshlar ishqalanib ketib, uning chaqnaganini koʻrib, bir ish esiga tushibdi. Qoʻlidagi uzukni toshga ishqalasa, bir dev paydo boʻlib, “Tila tilagingni!” debdi. Oloviddin unga:— Men katta baxtsizlikka duchor boʻldim: imoratim, xotinim, onamdan ajraldim.
Shuni menga topib bersang, — debdi.Dev boʻlsa: “Uni qaytarib kelish mening qoʻlimdan kelmas, ammo imorat turgan joyga seni olib borib qoʻyish qoʻlimdan keladi”, — debdi va Oloviddinni yelkasiga mindirib, shu imoratning oldiga keltirib qoʻyibdi.Oloviddin bir kampirni topib, uyda kim borligini, cholning qayerdaligini, shamchiroq qayerda turishini soʻrabdi. Oʻzining kelganini xotiniga bildiribdi.Shu kuni ular chiroqni choldan olish uchun hiyla ishlatibdilar.
Kelin bir necha shishada sharob tayyorlabdi.Cholga qarab: “Keling, bugun bir xursandchilik qilaylik, mayli, endi siz nima desangiz roziman”, debdi. Chol xursand boʻlib ogʻzi qulogʻiga yetibdi.Kelin oʻzining navbatini ichmasdan yerga toʻkib, cholga bir necha piyola may quyib beribdi. Oxiri chol mast boʻlib uxlab, qotib qolibdi.Uning qoʻynidan eski sehrli shamchiroqni olibdilar.Ertasiga Oloviddin cholni hushiga keltirib, “Sehrgar aldamchining jazosi shu”, deb kallasini qilichi bilan shartta kesib tashlabdi.Sehrli shamchiroqni kigizga ishqalab devni chaqiribdi.Dev Oloviddinning uyini butun oila aʼzolari bilan oʻz yurtiga olib kelib qoʻyibdi.Oloviddin tinch va osoyishta hayot kechira boshlabdi va murod-maqsadiga yetibdi.